Koʻp kompaniyalarda savdo boʻlimi reglamenti yo umuman yoʻq, yo hech kim ochmaydigan 40 sahifalik hujjat boʻlib yotadi. Natijada har bir menejer oʻzicha ishlaydi: biri zayavkaga besh daqiqada javob beradi, boshqasi ertasi kuni. Bu maqolada reglamentda nima boʻlishi kerakligi va uni haqiqatan ishlaydigan vositaga qanday aylantirish haqida gaplashamiz.
Savdo boʻlimi reglamenti nima uchun kerak
Reglament — takrorlanadigan vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligi yozilgan qoidalar toʻplami. Maqsadi oddiy: hamma vazifani bir xil tushunsin va bir xil bajarsin. Qoida boʻlmasa, har kim oʻzi bilganicha ishlaydi va kompaniya buning uchun yoʻqotilgan bitimlar bilan toʻlaydi.
Reglament rahbarning ham ishini yengillashtiradi. Menejer har bir savol bilan boʻlim boshligʻiga yugurmaydi, chunki javob hujjatda bor. Yangi xodim ham tezroq ishga kirishadi: «bizda qanday qabul qilingan» degani yozib qoʻyilgan boʻladi.
Savdo boʻlimi reglamentida nima boʻlishi kerak
Toʻliq reglament odatda bitta katta hujjat emas, bir nechta qisqa hujjatdan iborat boʻladi. Har biri bitta vaziyatni tasvirlaydi:
- Zayavkalar bilan ishlash. Kim qabul qiladi, qancha vaqtda javob beradi (koʻp loyihalarda norma — 15 daqiqagacha), birinchi suhbatda nimalar aniqlanadi.
- CRM qoidalari. Sotuv faqat CRMda ism, telefon va manba bilan qayd etilgandan keyin hisoblanadi. Har bir bitimda keyingi qadam va uning sanasi yozilgan vazifa boʻladi.
- Chegirma va narx. Menejer qancha chegirma bera oladi va undan kattasini kim bilan kelishadi. Bu qoida biznes egasiga ham tegishli boʻlishi kerak.
- Toʻlov va yetkazib berish. Oldindan toʻlovsiz joʻnatish mumkinmi, toʻlovni kechiktirishga qaysi shartlarda ruxsat beriladi.
- Mijozni topshirish. Mijoz bir xodimdan boshqasiga qachon va qanday oʻtadi. Masalan, yangi mijoz topgan menejerdan doimiy mijozlar bilan ishlaydigan hamkasbga.
- Rahbarning ish tartibi. Har kuni qisqa yigʻilish, CRMni kuniga ikki marta tekshirish, qoʻngʻiroqlarni tinglash, har bir menejer bilan haftasiga bir marta yakkama-yakka suhbat.
Agar menejerlar CRMni chetlab oʻtsa, eng yaxshi reglament ham ishlamaydi. Bu alohida muammo, u haqda «Nega menejerlar CRMda ishlamaydi» maqolasida yozganmiz.
Boshlash uchun 4 ta qoida yetarli
Eng koʻp uchraydigan xato — birinchi haftadayoq oʻnlab reglament yozib tashlash. Bajarilmaydigan qoida qoida yoʻqligidan ham yomonroq: jamoa qoidalarni jiddiy qabul qilmaslikka oʻrganib qoladi.
Bizning loyihalarda ish odatda 4 ta asosiy qoidadan boshlanadi. Ular boʻlimdagi eng katta muammoni yopadi va dushanbadan kuchga kiradi. Har bir qoida bitta qatordan iborat va har biriga tekshirish usuli biriktiriladi: masalan, «javobsiz zayavkalar — 0», «keyingi qadamsiz bitimlar — 0».
Yangi reglamentni qachon yozish kerak? Bir xil vaziyat (yaxshi yoki yomon) kamida ikki marta takrorlanganda. Bu endi tasodif emas, qoidaga aylantirish kerak boʻlgan holat.
Savdo boʻlimi reglamenti qanday yoziladi
Barcha reglamentlar bir xil shaklda boʻlsa, ularni oʻqish ham, yangilash ham oson. Quyidagi tuzilmani tavsiya qilamiz:
- Sarlavha — 7 soʻzgacha, oddiy tilda: «Zayavkaga qanday javob berish», «Chegirma haqida».
- Shapka: kimga tegishli, kim yozgan, yaratilgan va oxirgi marta tahrirlangan sana.
- Sabab: qaysi muammo takrorlangani uchun bu hujjat paydo boʻldi.
- Matn: bitta vaziyatda qadam-baqadam nima qilish kerak.
- Natija: xodim qoidaga amal qilsa, nimaga erishadi.
Hajmi — 4 sahifagacha, undan uzun chiqsa, hujjatni ikkiga boʻling. Barcha reglamentlar bitta joyda, masalan Notionda saqlanadi, chatlar va papkalarga tarqalib ketmaydi.
Reglamentni qanday ishlatish kerak
Asosiy ish hujjat yozilgandan keyin boshlanadi. Reglament jamoaga eʼlon qilinadi, har bir menejer uni oʻqib, tushunganini tasdiqlaydi. Yangi xodimning moslashuvi ham reglamentlarni oʻqish va ular boʻyicha qisqa sinovdan boshlanadi.
Keyin nazorat keladi. Boʻlim rahbari qoidalar bajarilishini CRM va qoʻngʻiroq yozuvlari orqali tekshiradi, buzilishlarni yakkama-yakka suhbatda muhokama qiladi. Qoida ishlamay qolsa yoki biznes oʻzgarsa, reglament yangilanadi va unga yangi tahrir sanasi qoʻyiladi.
Eng yaxshi holatda takrorlanuvchi vaziyatlar boʻyicha reglament loyihasini xodimlarning oʻzi yozadi, rahbar esa tasdiqlaydi. Savdo boʻlimini qurish loyihalarida boʻlim rahbarini aynan shunga oʻrgatamiz.
Qisqa chek-list
- 4 tagacha asosiy qoida yozilgan va jamoaga eʼlon qilingan
- Har bir qoidaning tekshirish usuli bor
- Zayavkaga javob berish muddati belgilangan
- Sotuv faqat CRMdagi yozuv bilan hisoblanadi
- Chegirma chegarasi va uni kelishish tartibi aniq
- Barcha reglamentlar bitta joyda va bir xil shaklda saqlanadi
- Yangi reglament vaziyat takrorlangandan keyin yoziladi
- Har bir hujjatda oxirgi tahrir sanasi bor
Savdo boʻlimi reglamenti qalin papka emas, jamoa har kuni amal qiladigan qisqa va tekshiriladigan qoidalardir. Kichikdan boshlang, takrorlangan vaziyatlarni yozib boring, nazoratni esa boʻlim rahbariga topshiring. Buni tizimli qurishda yordam kerak boʻlsa, savdo boʻlimini qurish xizmatimiz bilan tanishing.